Nima uchun arab tilida kalimalarga faqatgina "سَأَلْتُمُونِيهَا" harflarigina qo’shiladi?

Arab tilining sarf fanida mujarrad (مُجَرَّدٌ) va mazid (مَزِيدٌ) kalimalar bor. Mujarrad kalima, tarkibida ziyoda harf yo‘q bo‘lgan kalimadir. Mazid esa, tarkibida “سَأَلْتُمُونِيهَا" hariflaridan biri yoki bir nechtasi bor bo‘lgan kalimadir. Arab tilida kalimaga faqatgina yuqoridagi “سَأَلْتُمُونِيهَا" harflarigina qo‘shilishi mumkin. Buning sababi haqida quyida to‘xtalamiz.
“Ziyoda qilish uchun asliy — asos harflar mad va lin harflaridir. Ular: Alif, vov va yolardir (ا و ي). Ularning maxrajlari eng keng masofada joylashgani uchun eng yengil harflar hisoblanadi. Shu sababdan ular kalimada ziyoda qilish uchun loyiqroqdir. Qolgan ziyoda qilinadigan harflar, ana shu uch harfga o‘xshashlik va yaqinligi bo‘lgani uchun kalimada ziyoda qilinadi. Quyida ularni birma-bir yoritamiz.
Hamza (ء): hamzaa harfi illat harflariga hazf bo‘lishi va ibdol bo‘lishi jihatidan o‘xshaydi. Shuning uchun ba’zan alif (ا), ba’zan vov (و), ba’zan esa yo (ي) suratida yoziladi.
Mim (م): mim (م) harfini vov (و) harfiga o‘xshashlik jihati mavjud. Bu ikki harfning maxraji bir — labdir. Mim harfida g‘unna sifati ham bor. Uning maxraji esa xayshum — burun bo‘shlig‘idir. Bu g‘unna sifati mad sifatiga o‘xshab cho’zilib chiqadi, ammo burundan. Mimdagi (م) g’unna sifati shu jihatidan lin harflaridagi mad sifatiga o‘xshashlikni paydo qiladi va kalimada ziyoda bo‘lishi uchun zamin yaratadi.
Nun (ن): nun harfida ham g‘unna sifati bor. Yuqorida mim (م) harfida aytilganidek bu harf ham shu sifati bilan mad harflariga o‘xshaydi. Ikkinchi o‘xshashlik, nun harfi illat harflariga o‘xshab hazf ham bo‘lishi mumkin. Misol: “وَلَمْ يَكُ الْحَقُّ” bu misoldagi “لَمْ يَكُ” kalimasida nun hazf bo’lgan. Asli “لَمْ يَكُنْ” bo‘lgan.
Ta (ت): vov (و) harfi kalimada ba’zan ta (و) harfiga ibdol bo‘ladi. Misol: “تُرَاثٌ” va “تُجَاهٌ” kalimalaridagi ta (ت) vovdan (و) ibdol bo‘lgan. Ular “وِرَاثَةٌ” va “وَجَاهَةٌ” so‘zlaridan olingan. Ta (ت) harfining vov (و) harfiga shu jihatdan aloqasi bo‘lgani uchun kalimada ziyoda bo‘lib ham keladi.
Ha (ه): yo (ي) harfi kalimada ba’zan ha (ه) harfiga ibdol bo‘ladi. Misol: “هَذِهِ” bu ismi ishora asli “ذِي” bo‘lgan edi. Ha (ه) harfi shu jihatidan illat harflariga aloqasi bor.
Sin (س): sin harfida mahmus sifati bor. Bu sifat ta (ت) da ham bor. Bu ikki harfning maxrajalari ham bir-biriga yaqin. Shu sababdan sin harfi ham ziyoda bo‘ladi.
Lam (ل): lam (ل) harfi esa jahr sifati va maxraji bilan nun (ن) harfiga yaqin. Shuning uchun lam ham ziyoda qilinadi”.
Alloma Ibn Ya’ish “Sharhul Mulukiy” kitobidan ba’zi qisqartirishlar bilan olindi.
Demak xulosa qiladigan bo’lsak, asliy ziyoda qilinadigan harflar alif, vov va yo harflari ekan. Qolganlari ularga birinchi yoki ikkinchi darajali yaqinlikdagi harflar ekan.