Arab tilidagi harakat turlari
Arab tilida harakatlar sakkiz xil o'rinda keladi:
- حَرَكَةُ الْإِعْرَبِ — e’rob harakati. Bunda mu’rob fe’l va ismlarning oxirida keluvchi asliy e’rob alomati bo’lgan harakatlar tushuniladi. Misol: “يَضْرِبُ، كِتَابٌ” kalimalaridagi ba (ب) harflari ustidagi zammalar e’rob harakatlaridir.
- حَرَكَةُ الْبِنَاءِ — mabniylik harakati. Bu kalima oxirida bo’ladigan o’zgarmas harakat. Misol: مُنْذُ، ضَرَبَ.
- حَرَكَةُ الْحِكَايَةِ — hikoya harakati. Bu harakat biror bir kalima atoqli ot (اِسْمُ الْعَلَمِ — ismi alam) bo’lsa va uni jumlada ko’chirma so’z (حِكَايَةٌ) sifatida ishlatilganda qo’yiladigan harakat. Misol: “رَأَيْتُ ”عَبْدُ اللهِ bu jumladagi Abdulloh (عَبْدُ اللهِ) ismining dal (د) harfidagi zamma nasb alomati o’laroq fatha bo’lishi kerak edi. Ammo, bu ism asl holatida hikoya sifatida olib kelingani uchun dal (د) harfidagi zamma asl holatida qoldirildi.
- حَرَكَةُ الْإِتْبَاعِ — ergashtirish harakati. Bu bir sukunli harfga boshqa harf harakatini o’sha harfga ergashtirgan holda harakat berish. Misol: “اُنْظُرْ” bu kalimadagi hamza vasliyya (ا) asl holatda sukunli bo’ladi. So’ng kalimaning birinchi harakatli harf harakati zammaga ergashtirgan holda zamma berilgan.
- حَرَكَةُ النَّقْلِ — naql harakati. Bunda bir harf harakati boshqa harfdan olib kelingan bo’ladi. Misol: “يَقُولُ” qof (ق) harfidagi zamma vovdan (و) naql qilingan.
- حَرَكَةُ التَّخَلُّصِ مِنَ السُّكِونَيْنِ — ikki sukundan xalos bo’lish uchun keltirilgan harakat. Bu harakat ikki sukunli harf yonma-yon kelib qolgan vaqtda ikki sukunning biridan qutilish uchun keltiriladi. Misol: مَنِ الرَّجُلُ؟. Bu misoldagi nun (ن) harfidagi kasra oriziydir.
- حَرَكَةُ الْمُنَاسَبَةِ — munosabat harakati. Bu harakat kalimaga qo’shiladigan alif (ا), vov (و) va yo (ي) — zamir va harflari oldidan keltiriladigan fatha, zamma va kasralardir. Misollar:
Alifga misol: يَضْرِبَانِ، الزَّيْدَانِ.
Vovga misol: ضَرَبُوا، يَضْرِبُونَ، الزَّيْدُونَ.
Yoga misol: تَضْرِبِينَ، كِتَابِي.
- حَرَكَةُ الْبِنْيَةِ — bino harakati. Bu turdagi harakat kalima tarkibida eng ko’p ishtirok etadigan harakatdir. Bu harakat kalimani oxiridan tashqari barcha o’rinlarda kelishi mumkin. Misol: “كِتَابٌ” kalimasidagi kaf (ك) va ta (ت) harflari harakatlari bino (بِنْيَةٌ) harakatlaridir. Xuddi shunday alifning (ا) sukuni ham bino (بِنْيَةٌ) sukunidir.