MULHAQ VAZNLAR NIMA?

Ma’lumki, Arab tilida fe’llarning 22 bobi mavjud. Ular to’rtga: sulosiy mujarrad, sulosiy mazid, ruboiy mujarrad, ruboiy mazidga bo’linadilar. Shu bilan birga ba’zi boblarga mulhaq vaznlar mavjud. Bu maqolada shu haqida so’z yuritamiz.

مُلْحَقٌ  — mulhaq: Ismlar yoki fe’llarda asliy harflarga bir yoki ikkita harf qo’shib vaznning harakat va sukunlarini boshqa bir kalimaga o’xshatishdir. Misol: sulosiy mujarraddagi “الْجَرَبُ” kalimasiga vov (و) ziyoda qilib “جَوْرَبَ (paypoq kiygazdi)” fe’li yasalgan va ”دَحْرَجَ“ fe’liga mulhaq qilingan.

Birinchi kalima “مُلْحَقٌ” — “mulhaq qilingan (misoldagi جَوْرَبَ kalimasi)”, ikkinchisi “مُلْحَقٌ بِهِ” — “unga mulhaq qilingan” (misoldagi دَحْرَجَ kalimasi) deb nomlanadi. Ilhoq qilishdan asosiy maqsad mulhaqni mulhaq bihining vazniga solib barcha tasrifotlarda — sarflashlarda mulhaqun bihi dek sarflashga erishishdir. Bu ish ko’p hollarda she’rlarda, baytlarda as qotadi.

Odatda mulhaq kalimalar yangi ma’no kasb etmaydi, ammo ba’zan mulhaq kalimalar yangi ma’no ifoda etishi ham mumkin.

Mulhaq kalimalarning o’ziga xos jihati shundaki ularda idg’om va e’lollar amal qilmaydi. Chunki bu vaznlar asl hisoblanmaydilar. Quyida ularga ba’zi misollarni keltiramiz.

Ruboiy mujarrad “فَعْلَلَ” bobiga mulhaq kalimalarga misollar:

  • جَوْهَرَ، كَوْثَرَ — asliy harflariga vov (و) ziyoda qilib “فَعْلَلَ” bobiga mulhaq qilingan va vaznlari “فَوْعَلَ” dir.
  • جَلْبَبَ — asliy harflariga ba (ب) ziyoda qilingan. Vazni “فَعْلَلَ” dir. Asli sulosiy mujarradda “جَلَبَ” dir.
  • بَيْطَرَ — asliy harflariga yo (ي) ziyoda qilingan. Vazni “فَيْعَلَ” dir.
    هَرْوَلَ — asliy harflariga vov (و) ziyoda qilingan. Vazni “فَعْوَلَ” dir.
    شَرْيَفَ — asliy harflariga yo (ي) ziyoda qilingan. Vazni “فَعْيَلَ” dir.

Bu kabi mulhaq kalimalar sarf ilmida bisyor.

Ruboiy mazid boblariga mulhaq kalimalarga misollar:

  1. “تَفَعْلَلَ” bobiga mulhaq kalimalarga misollar:
  • تَمَسْكَنَ vazni .تَمَفْعَلَ
  • تَجَلْبَبَ vazni تَفَعْلَلَ.
  • تَسَرْوَكَ vazni تَفَوْعَلَ.
  • تَرَهْيَأَ vazni .تَفَعْيَلَ

2. “اِفْعَنْلَلَ” bobiga mulhaq kalimalarga misollar:

  • اِقْعَنْسَسَ vazni .اِفْعَنْلَلَ
  • اِحْرَنْبَى vazni اِفْعَنْلَى.

IKROM ABDULAHAD