Arab tilida 6 ta harakat borligini bilasizmi?

Arab tilida asosiy 3 ta: fatha, zamma va kasra harakatlari bor. Ammo ularning har biri orasida yana bittadan harakat bor. Shunda ularning umumiy adadi 6 taga yetadi.

Arab tilidagi harakat o'zi nima? Birinchi bo'lib shu haqda to'xtalsak.

الْحَرَكَةُ — O'pkadan chiqayotgan havo bo'g'izda tovush paychalarini tebratib, og'iz bo'shlig'ida hech qanday to'siqqa uchramasdan hosil bo'ladigan tovush. Ularga: fatha, zamma va kasra deb nom berilgan va ularga alohida belgi berilgan.

Bu tovushlar boshqa tillardan farqli o'laroq arab tilida harf sifatida yozilmasdan belgi sifatida yoziladi. Yuqorida aytganimizdek bu harakatlar umumiy bo'lib, ular orasida yana tovushlar bor. Quyidagi chizmada ularni ko’rish mumkin:

Asosiy 3 harakat: fatha, zamma va kasra haqida barcha bilgani uchun bu maqolada e’tiborni ular orasidagi tovushlarga qaratamiz.

1. الْفَتْحَةُ المُمَالَةُ إِلَى الضَّمَّةِ — zammaga moyil (imola qilingan) fatha. Bu harakat, ya’ni tovushni “الْفَتْحَةُ الْمُفَخَّمَةُ — mufaxxom fatha (yo'g'on fatha)” ham deyiladi. Bu tovush o’zbek tilidagi “o” tovushiga o’xshaydi. Misol qilib “صَوْمٌ” kalimasidagi sod (ص) ustidagi fathani keltirish mumkin. Bu harakatning (tovushning) cho’zilgan (madli) ko’rinishiga “قَامَ” kalimasidagi qofning (ق) fathasini keltirish mumkin.

2. الْفَتْحَةُ المُمَالَةُ إِلَى الْكَسْرَةِ — kasraga moyil (imola qilingan) fatha. Bu tovush fathani kasraga moyil qilib talaffuz qilinadi, ya’ni o’zbek tilidagi “e” tovushi bilan bir xil talaffuz qilinadi. Bu tovush uchun odatda harf ostida dumaloq nuqta belgisi qo’yiladi. Misol: مَجْڔىٰهَا — majreeha. ڔءَا الشَّمْسَ — reash shamsa.

3. الْكَسْرَةُ الْمُشَمَّةُ ضَمّاً / الضَّمَةُ الْمُشَمَّةُ كَسْرَةً — zammaga o'xshatilgan kasra va kasraga o'xshatilgan zamma. Arab tilidagi bu ikki tovushning talaffuzi bir xil. Bu tovushning talaffuzi quyidagicha. Talaffuzni kasra bilan boshlanadi va zamma sifat qilib yakunlanadi (insha Alloh bu tovushlarni to'liq tushuntirish uchun bu maqolaga video maqola ilova qilinadi). Misol: قِيلَ، الْمُنْقُرُ. Bu kalimalardagi qofdagi (ق) kasra va zammalar o'xshatib o'qilishi mumkin. Ya'ni ixtiyorli hoxlasa haqiqiy kasra va zamma qilib talaffuz qilish mumkin.