ILTIQOUS SAKINAYN BORASIDAGI MULOHAZA
"Sarf asoslari" risolamizda "iltiqous sakinayn" mavzusi bor. Unda iltiqous sakinayndan xalos bo‘lish yo‘llari ko‘pgina sarf kitoblaridagi ma’lumotlarga asoslangan holda hazf va tahrik orqali iltiqous sakinayndan qutulish mumkin ekani keltirilgan. Lekin tahqiq qilib qaraydigan bo‘lsak tahrik bilan ikki sukunlidan qutulishni qalb, keyin tahrik qilish orqali ham qutulish holati ham bor ekanini ko‘rishimiz mumkin.
Misol uchun, حَمْرَاءُ kabi alif mamduda bilan tugagan ismlar asli alif bo‘lgan. Ya’ni birinchisi mad uchun keltirilgan alif, ikkinchisi esa muannaslik alomati o‘laroq keltirilgan alif. Shunda kalimada ikki sukunli jam bo‘lib qoldi. Bu ikkisidan birini hazf qilib bo‘lmaydi, yo‘qsa qasd qilingan ma’noga xalal qiladi. Shu sababdan tahrik qilish qoladi xolos. Alifga esa harakat berib bo‘lmaydi. Shu sababdan iltiqous sakinayndan qutulish uchun birinchi bo‘lib kalima oxiridagi alifni o‘ziga yaqin bo‘lgan hamzaga qalb qilib keyin harakat beramiz.
حَمْرَاى — > حَمْرَاءُ
Xuddi shunday holatni sulosiy mujarrad ajvaf ismi foillarida ko‘rishimiz mumkin. Misol uchun, قَاوِلٌ kalimasida moziy fe’lida a’yn (ع) barobari alifga (ا) qalb bo‘lgani uchun ismi foili ham unga tobe o‘laroq alifga (ا) qalb bo‘ladi. So‘ng ijtimous sakinayndan ikkinchi alifni (ا) hamzaga (ء) qalb qilib qutilamiz va harakat beramiz.
قَاوِلٌ — > قَاالٌ — > قَائِلٌ