AJVAF ISMI FOILI E'LOLI

Bismillahir Rohmanir Rohim
Ajvaf ismi foilida quyidagi e’lol qoidasi sodir bo‘ladi: “vov (و) yoki yo (ي) ziyoda alifdan so‘ng kelsa, hamzaga (ء) qalb bo‘ladi”.
قَاوِلٌ ⬅️ قَائِلٌ
Bu qoidani biz bilishimiz kerak bo‘lgan bir jihati mavjud.
Imom Taftazoniy o‘zlarining “Sharhi tasrifil izziy” kitoblarida shunday deydilar: “Bu qoida aslida bunday: Vov (و) yoki yo (ي) birinchi alifga (ا) qalb bo‘ladi. Shu ismi foilning fe’lida bo‘lgani kabi. So‘ng, qalb qilingan alif (ا) bilan zoida alif (ا) — ikki sukunli harf jam' bo‘lib qoladi. Aliflardan birini hazf qilmasdan, hamzaga (ء) qalb qilinadi. Chunki, bu o'rinda alif hazf qilinsa, iltibos — o‘xshashlikka sabab bo‘lib qoladi.
قَاوِلٌ ⬅️ قَاالٌ ⬅️ قَائِلٌ
Bu e’lol qoidasi biz aytgandek ekani quyidagicha izohlanadi. Ismi foil fe’lga tobe o‘laroq e’lollanadi (ya’ni, ajvaf moziy fe’lida vov (و) yoki yo (ي) harakatli oldi fatgali bo‘lgani uchun, alifga (ا) qalb bo‘lgan قَوَلَ fe'li قَالَ ga o'zgargan). Fe’lda e’lol sodir bo‘lgan bo‘lsa, ismi foilida ham e'lol sodir bo‘ladi. Misol uchun, صَيِدَ va عَوِرَ fe’llarida e’lol qoidasi ro‘y bermaydi. Shu sababdan, ularning ismi foili ham صَايِدٌ va عَاوِرٌ bo‘lib hamzaga qalb bo‘lmasdan asl holicha qoladi.” (Sa’daddin Mas’ud ibn Umar ibn Abdulloh Taftazoniy. Sharhi tasrifil i’zziy. Bayrut. Darul minhaj. 2024. 179-bet.)
Imom Taftazoniyning aytgan gaplariga qo‘shimcha tarzda shuni aytishimiz mumkinki, yuqoridagi birinchi qoidada “vov (و) yoki yo (ي) ziyoda alifdan so‘ng kelsa,” deb umumiy qilib aytildi. "Ismda yoki fe'lda" deb qaydlanmadi. Bu holat ko‘plab fe’llarda ham topilishi mumkin va u fe’llarda hech qanday e’lol yuz bermaydi. Misol uchun, فَاعَلَ - يُفَاعِلُ vaznidagi بَايَعَ - يُبَايِعُ fe’li. Bu fe’llardagi yo (ي) zoida alifdan (ا) so’ng kelgan bo‘lsa ham, hamzaga qalb qilinmagan.
Imom Zamaxshariy ham, imom Taftazoniyning fikriga muvofiq fikrni o‘zlarining “Al-Mufassal” asarlarida keltirganlar.