FE'L ZAMONLARI

Arab tilida fe’llar uch xil zamonda bo’ladi:
1. Moziy (مَاضِي): o’tgan zamon.
2. Hozir/hol (حَاضِرٌ/الحَالُ): hozirgi zamon.
3. Mustaqbal (مُسْتَقْبَلُ): kelasi zamon (qaralsin: Dr. Abdullatif al-Xotib. Al-Mustaqso fi Ilmit Tasrif. 99-bet.).
Ba’zan yuqoridagi taqsimotni chalkashtirib, fe’l zamonlarini quyidagicha taqsim qilinganini ko’rishimiz mumkin:
1. Moziy (مَاضِي).
2. Muzore (مُضارِعٌ).
3. Amr (أمْرٌ).
Ikkinchi taqsimotda masdardan ishtiqoq qilingan fe’llarning nomi ketirilgan bo’lib, ular dalolat qilishi jihatidan o’tgan zamonga ham, hozirgi zamonga ham, kelasi zamonga ham dalolat qilishi mumkin. Ular haqida quyida:
Moziy fe’li (الفِعْلُ المَاضِي): Istilohda, “gap gapirilayotgan vaqtdan oldin bo‘lib o‘tgan hodisa haqida xabar beruvchi fe’l turiga” aytiladi. Misol: ضَرَبَ — urdi.
Gohida bu fe’l o’zinig asliy — moziyga dalolat qilish ma’nosidan chiqib, boshqa ma’nolarni anglatadi. Misol: “بِعْتُكَ” — senga sotdim. Bu jumladan murod eshituvchiga biror narsani sotganini e’lon qilish emas, balki, mulk ko’chib o’tish hukmini paydo qilishdir. Ya’ni, shu gapdan so’ng mulk bir odamdan ikkinchi odamga ko'chib o’tadi.
Shu bilan birga moziy fe’li bundan boshqa ko’p ma’nolarni ham ifodalab keladi.
Muzore fe’li (الفِعْلُ المُضَارِعُ): Istilohda esa, “hozirgi va kelasi zamonlarga dalolat qiluvchi fe’l turi”ga aytiladi. Misol: يَضِْرِبُ — uryapti yoki uradi.
Muzore fe’li hozir yoki kelasi zamonni anglatayotganini atrofidagi qo‘shimchalar yoki jumla siyoqi (jumlaning umumiy mazmuni) dan bilish mumkin. Misol: سَيَضْرِبُ — kelajakda uradi. يَضْرِبُ الآنَ — hozir urayapti.
Muzoriy fe’li o’tgan zamon yoki amr (buyruq) ma’nolarini ham ifoda qilishi mumkin.
Misol: لَمْ يَضْرِبْ — urmadi. Bu moziy ma’nosi oldiga qo’shilgan jazm qiluvchi لَمْ harfi orqali keldi. Amrga misol: لِيَضْرِبْ — ursin.
Amr fe’li (الفِعْلُ الأَمْرِ): Istilohda, “biror narsani kelajakda hosil bo’lishini talab qilish” fe’lidir. Misol: اِضْرِبْ — ur.